Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 16 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

MAHALLA INSTITUTI RIVOJIDA MUHIM QADAM

×

 2020-02-14 11:48:00    1748

PDF yuklash
Chop etish


Ko‘p ming yillik tarixni o‘zida mujassam etgan mahalla xalqimizning ezgu qadriyatlari, turmush tarzi va boy ma’naviy merosidan tarkib topganligi bilan barchamiz uchun qadrli va mo‘tabar maskandir.

Aslida Vatan tuyg‘usi, yurtga sadoqat tushunchasi mahalladan boshlanadi. Mahallada ongu shuurimiz, dunyoqarashimiz, e’tiqod va tafakkurimiz shakllanadi. Shundan ona yurtimiz azizligini, tuprog‘ining muqaddasligini, odamlarning issiq mehri va qaynoq qalbini his qilamiz va faxrlanamiz.

Keyingi yillarda bu noyob tuzilma hayotimizga tobora chuqurroq singib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida kuni kecha – 12 fevral kuni mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mahallalarning jamiyatimiz hayotidagi mavqei, nufuzini mustahkamlash, uni ijtimoiy ko‘maklashuvning adolatli va ta’sirchan instituti, aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida o‘ta muhim qadam bo‘ldi.

Jamiyatimizning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan mahalla tizimida qator muammolar yig‘ilib qolganligini bugun yashirishning ham, sabablarini xaspo‘shlashning ham hojati yo‘q. Birgina misol — hududlarni o‘rganish davomida na ish joyi, na bir xonasi tayin, avariya holatiga tushib qolgan binolarda ishlayotgan mahalla raislarini ko‘rib o‘yga tolasan kishi: o‘zining muammosini yecha olmagan rais qanday qilib aholi muammosini hal qilishi mumkin? Ertaga odamlar uning ortidan ergashadimi, o‘zini qiynayotgan dardu tashvishlarini unga ishonib aytadimi?

Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan mahallalarning o‘zida ham qator muammolar borligi qayd etilib, ularni qo‘llab-quvvatlash, mahalla idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda to‘g‘ri ta’kidlanganidek, bugungi kunda 1 ming 234 ta fuqarolar yig‘ini turli tashkilotlar yoki tadbirkorlarga tegishli binolarda joylashgan. Yana mingdan ziyodi ijtimoiy muassasalarda, 78 tasi qo‘shni mahalla yig‘inlari binolarida faoliyat ko‘rsatmoqda, 48 ta mahalla binosi avariya holatida.

Endilikda bu borada davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida mahallalar uchun xizmat binolarining qurilishi, ularga yetarli sharoitlarning yaratilishi, shubhasiz, faoliyatda yaxshi samaralarga erishishga xizmat qiladi.

Bugunga qadar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimi bo‘lgan – mahallalarda ishlar juda tarqoq va sustkashlik bilan faoliyat olib borayotgan edi. Mahalla raisi o‘z tashvishi bilan, profilaktika inspektori o‘z yo‘nalishida, xotin-qizlar bo‘yicha mutaxassis ham o‘zi bilganicha ish tutadi. Xullas, bugungi kunda yaxlit maqsad uchun xizmat qilishi shart bo‘lgan soha alohida-alohida ish yuritar, o‘xshatish lozim bo‘lsa, har tomonga tariqdek sochilib ketgandi.

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan yagona davlat siyosatini olib boradigan tizim, shubhasiz, eng ma’qul va ijobiy natijasini uzoq kuttirmaydigan, samarali mexanizm bo‘lib xizmat qiladi. Zero, Mahalla va oila masalalari vazirligining tashkil etilishi, albatta, yagona maqsad yo‘lida, bir musht bo‘lib jipslashish, o‘zaro hamjihatlikda, ta’sirchan kuch bo‘lib ishlashimizga shart-sharoit va imkoniyatlar yaratadi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga yaqinda yo‘llagan Murojaatnomasida mahalla tizimini o‘zgartirish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etish zarurligi to‘g‘risida fikr bildirgan edi.

Videoselektor yig‘ilishida esa ana shu tamoyilni amalga oshirish, mahalla tizimini isloh etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining g‘oyasi faqatgina bunyodkorlik yoki qurilish emas, eng avvalo, aholining qalb obodligi, davlatdan roziligi, shukronaligi mezonlariga asoslangandir. Shu ma’noda endi asosiy urg‘uni qishloqlarimizga tadbirkorlik ruhini imkon qadar kiritish, muhtojlar qatlamini kamaytirishga qaratishimiz zarur. Buni barchamiz bugun yanada teran his qilmoqdamiz. Chunki doimiy daromadga ega insonning dunyoqarashi ham, hayotga bo‘lgan intilishi ham o‘zgacha bo‘lishini barchamiz juda yaxshi anglaymiz.

Tashkil etiladigan Mahalla va oila masalalari vazirligi mahallalarda va oilalarda faoliyat olib boradigan barcha mas’ullarning “bir yoqadan bosh chiqarib”, yagona maqsad yo‘lida faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, joylarda muammolarni hal qilishning yaxlit va ta’sirchan vertikal tizimi yaratiladi.

Yig‘ilishda Yurtboshimiz tashabbuslari bilan mahallalar uchun yangi binolar qurilishi, fuqarolar yig‘inlari ortiqcha vazifalardan xalos bo‘lishi, yangi ish o‘rinlarining tashkil etilishi, oylik maoshlarning oshirilishi, mahallalarning iqtisodiy-moliyaviy asoslarini kuchaytirish uchun qo‘shimcha daromad manbalarini belgilab berilganligi, mahalla raislarining maqomini ko‘tarish, ularning malakasini oshirish kabi muhim masalalarning o‘z yechimini topishi barchamizni to‘lqinlantirib yubordi.

Mahalla raislarining vakolat muddati uch yildan besh yilga o‘zgartirilishi ularga hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy muhitga ijobiy ta’sir etish imkonini beradi.

Fuqarolar yig‘inlarida ham endilikda, 3 nafar rais o‘rinbosari lavozimlari, xususan obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar hamda huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlarining tashkil etilishi mahallaning “xalq bilan davlat o‘rtasida ko‘prik” bo‘lishini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.

Ayniqsa, o‘z faoliyatiga sidqidildan yondashib, yaxshi natijalarga erishgan mahalla raislarini munosib tarzda rag‘batlantirish belgilanganligi sog‘lom raqobat muhitini yaratadi.

Prezidentimizning muhim tashabbuslaridan yana biri – 22 mart sanasining mamlakatimizda “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb e’lon qilinishi davlatimiz va jamiyatimizning eng yaqin suyanchig‘i hamda maslakdoshi bo‘lgan mahalla xodimlari uchun tarixiy qaror bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mahalla tizimi uchun muhim tarixiy ahamiyatga ega voqelik bo‘lib, unda ilgari surilgan g‘oyalar, belgilab berilgan ustuvor vazifalar mahalla institutining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Raxmat MAMATOV,

Respublika mahallalar kengashi

boshqaruvi raisi, senator